Afsuski o'zbek estradasining saviyasi hali ham past darajada qolyapti. Yomg'irdan so'ng chiqqan qo'ziqorinlarga o'xshab, hatto ismlarini hech kim bilmaydigan, yangi "yulduzlar" paydo bo'lyapti. Qo'shiqlarning soni ko'p, ammo yaxshi ijrochilar kam. Sevimli "yulduzlarimiz", biz, tirikchilikdan o'zga tashvishni bilmaydigan odamlarni, sifat bilan emas, balki son bilan e'tiborimizni qozonishmoqchi, shekilli. Bu hol ham havotirga solyapti hamda estradamizning martabasi oshishiga hech qanday umid qoldirmyapti.
Umuman olganda, hozirgi o'zbek yosh xonandalari mashhurliklarni ishlab chiqaradigan "Yulduzlar fabrikasi"ni eslatadilar. Achinarlisi esa, asosiy o'lchov - puldir. Puli ko'proq bo'lgan, to'g'rirog'i, puli juda ko'p bo'lgan odam "yulduz" bo'la oladi. Qolganlar uchun esa estrada eshiklari yopiq. Nima bolibdi, Uitni Xyuston yoki Meraya Keridek ovozi bo'lmasa? Pulingiz bo'lsa yoki aniqrog'i boyvachcha homiyingiz bo'lsa bas. Hozirgi kunda shunday texnik vositalar borki, eng chiyildoq ovozni ham bulbulning navosiga o'xshatib berishadi.
Yana bitta paradoks: raqobat taraqqiyotni harakatga soluvchi kuch, bu degani, raqobat jarayonida sifat yaxshilanadi. Ammo o'zbek estradasida hammasi teskariga o'xshaydi. Kuchli raqobat natijasida, yangi "xitlar" quvg'inida, ijrochilar xorij "yulduzlariga" taqlid qilib, ularning musiqasini, xatto imidjini o'zlashtirib olyaptilar. Oqibatda soxta qiyofa va mashhur xorij xitiga oxshaydigan qo'shiq paydo bo'lyapti. Bu muammo arab, turk, hind qo'shiqlariga taqlid qilinishdan boshlangan. Misol tariqasida Jo'rabek ismli xonandani keltirsak bo'ladi. U turk ijrochisi Tarkanga juda ham o'xshaydi, kliplarida Tarkanning harakatlarini, hatto mimikasini ham qaytaradi. Jorabekning tashqi ko'rinishi Tarkanga o'xshashligi xilma-xil fikr va mulohazalarga sabab bo'ldi. Bunday gaplarning o'zi Jo'rabekni mashhur qildi.
Masalan, Rayhonning "Sensiz" qo'shig'ining musiqasi ozarbayjonlik xonanda Alixan Samedovning "Sen gelmez oldun" qo'shig'idan ochiqchasiga o'g'irlanib olingan. Ishonasizmi, yo'qmi, ba'zi bir radiostansiyalarda "Sensiz" qo'shigi musiqasining muallifi - Rayhon deb, e'lon qilingan edi. Hattoki, Yulduz Usmonova mashhur g'arb qo'shig'i "Soledad"ni o'zbek tilida "Soladi" deb qaytadan kuylashdan hazar qilmadi. Bunday misollarni ko'plab keltirish mumkin.
Yana bir muammo. Bu shou-biznes elitasiga tegishli. Shu kunga kelib ovoz yozish kompaniyalari, shoirlar, bastakorlar, ijrochilar musiqa bozorida monopoliyani shakllantirdilar. Bu degani, bir shoir matn yozadi, bir bastakor musiqani bastalaydi, qo'shiqlar bir studiyada yoziladi. Yaratilgan qo'shiqlar xonandalarning ko'piga sotiladi. Oqibatda barcha xonandalar bir-biriga o'xshaydi, ularning faqat o'ziga xos uslublari yo'q. Eng oddiy misol qilib Ruslan Sharipovni keltirsak bo'ladi. Bir necha yil oldin bastakorning qo'shiqlarini xonandalarning 50% kuylagan. Eslasangiz, ularning barchasi bir biriga o'xshaydi. Natijada musiqiy xilma-xillik yo'q. Yoki yaqinda bo'lib o'tgan shoir-xonanda-bastakor Shahnozning kontsertini eslang. Ana shu sahnaga chiqqan barcha xonandalarga Shahnozning bir o'zi matn yozib bergan. Shahnoz ma'noli matnlar yozadi, ammo tematikasi bir hil bo'lganligi uchun, ularni har bir xonandaning qo'shig'ida eshitib, ba'zida adashib ketsa bo'ladi.
Eng achintirayotgan narsa esa, bu - xonandalarning yakkaxon kontsert dasturlarida fonogramma ostida kuylayotganlari. Lekin shunga qaramay, muhlislar chipta uchun pul to'lab, kontsertlaridan qolmayaptilar. Kontsertga keladiganlarning asosiy qismi - talabalardir. Bu holda "bechora talaba" ifodasi ikki hil ma'noni bildiradi. Birinchi holda - bu aldangan talaba, chunki fonogramma "jonli" ovoz ko'rinishida taqdim etilgan, ikkinchi holda qiymati shunday ham ozgina bo'lgan stipendiyadan pul ajratgan talaba, uni bekorga sarflagan bo'ladi.
Hozirgi kunda o'zaro raqobatlashayotgan estradamizning eng mashhur yosh xonandalari Rayhon, Lola, Shahzoda ham yakkaxon kontsert dasturlarida fonogramma ostida kuylashadi. Oldingi kontsertlarida Rayhon Abdulaziz Karimni qo'shiq'ni duetda aytish uchun sahnaga taklif qilgandi. O'shanda Abdulaziz Karim jonli ovozda kuylagandi, Rayhon esa ko'zni qamashtiradigan libosida faqatgina labini qimirlatib turgan. Yangi yildan oldin bergan kontsertida Lola ham Rayhondan uzoq ketmadi. Tohir Sodiqov bilan aytilgan "Undan nimam kam?" qo'shig'i tugagach, muhlislar "Yana, yana!" deb qichqirdilar. Shunda Lola va Tohir Sodiqov musiqasiz yana bir bora naqoratni kuyladilar. Kechirasiz-u, lekin bu qurbaqalar xoriga o'xshab ketdi.
Xonandalar terma konsertlarda fonogramma ostida kuylashlarini tushunsa bo'ladi: kerakli texnika yetishmaydi, texnik taraflarini qo'llaydigan ko'p ovoz operatorlar kerak. Lekin xonandalarning o'z kontsertlarida fonogramma ostida kuylashlarini hech ham oqlab bo'lmaydi. Bu jinoyat, hohlasangiz, pul to'lagan muhlislariga hurmatsizlik deb hisoblayman. G'arbda, masalan, fonogramma ostida kuylash qonun tomonidan man etiladi va bu qonunni buzgan xonanda katta hajmda jarima to'laydi. Fonogramma ostida kuylash G'arbda o'zini va muhlislarini kamsitish deb hisoblanadi. Nima uchun O'zbekistonda ham shunday qonun ishlab chiqarish mumkin emas? Masalan, yakkaxon kontsertlarda xonandalarni tekshiradigan maxsus qo'mita tashkil etish mumkin. Axir fonogrammani uyda o'tirib, radioda, disk va kassetalarda eshitsa bo'ladi. Kontsertda esa odam jonli musiqa, jonli ovozni tinglagisi keladi. Xonanda jonli ovoz bilan kuylaganda, undan qalbning nozik joylarigacha yetib boradigan, kuchli energiya taraladi; xonanda tinglovchilar bilan ajoyib muloqot yaratib, ular bilan o'zaro bog'lanadi. Fonogramma esa jonli ovozga o'xshab odamga ta'sir eta olmaydi. Afsuski, ko'p odamlar aldanayotganliklarini tushunmay qolaveradilar yoki bilgan taqdirda ham, bu holga e'tibor bermaydilar, ya'ni tinglovchi birinchi navbatda o'zini hurmat qilmaydi. Ular chiptalarni sotib olishni davom ettirib, shu bilan fonogramma ostida kuylashni qo'llab-quvvatlaydilar.
Xotima
Siz muallifni o'zbek estradasida hamma xonandalar mahoratsiz deya, mubolag'a qilyapti deb o'ylashingiz mumkin. Albatta bunday emas. O'zbek estradasida ushbu maqolada ismlari aytilmagan, maqtovga arziydigan xonandalar ko'p. Sanab o'tilgan ijrochilarning ismlari faqatgina bugungi kunning voqeliklarini ko'rsatish uchun ishlatilgan xolos.
Bugungi kunda har bir matbuot do'konlarida sotilayotgan o'nlab ro'znoma muqovalarida o'zbek estradasi "yulduzlarining" suratlari tez-tez ko'zga chalinib turadi. Radiostantsiyalarda kuniga o'n martalab ularning "xit" qo'shiqlari yangramoqda, musiqiy dasturlarda ketma-ket kliplari namoyish etilyapti. Xo'sh, o'zbek estradasi yulduzlari qanday taassurot qoldiryaptilar? Ojiz muhlislar ular haqidagi haqiqatni ko'rmyaptilarmi yoki ularni mohirona aldashyaptimi?
Kamola Atajanova, 20 aprel, 2005 yil
Бош саҳифа | E-Mail | Янгиликларга обуна | Қидирув | Юлдузларимиз муҳокамаси | Аналитик мақолалар
UzLand саҳифасидан материалларни ишлатиш ёки кўчириб олиш учун махсус рухсат олишингиз керак.
Copyrights © 1998-2005 UzLand. Uzbekistan Information Directory - UzLand.
All Rights Reserved. E-mail: info@uzland.info ёки ICQ орқали боғланинг.